Qay biri yaxshi samara beradi: Oʻquv markazlarimi yoki repetitor? - Rank.uz

Qay biri yaxshi samara beradi: Oʻquv markazlarimi yoki repetitor?

Вчера 20:42

Taʼlim olish nafaqat shaxsiy, kasbiy rivojlanish, balki aholi ertasining qanday kechishini belgilab beruvchi zaruriyat hamdir. Yer yuzidagi har bir inson taʼlim olish huquqiga ega ekani “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi”da belgilab qoʻyilgan. Lekin shunga qaramay, UNESCO’ning maʼlumotga koʻra, dunyoning deyarli 770 million katta yoshli aholisi oʻqish va yozishni bilmaydi. Shuningdek, ularning uchdan ikki qismini ayollar tashkil qiladi. XXI asr haqida gap ketganda, ayniqsa, taraqqiyot aynan taʼlim bilan bogʻliq ekani, usiz tanazzulga yuz tutish ravshanligi bois bunday maʼlumot insonni oʻyga toldiradi. Lekin u yoki bu muammo haqida gap ketganda, shunchaki bosh qotirish, siqilish va xafa boʻlish bilan yechim topib boʻlmaydi. Eng yaxshi chora oʻzgarish, uni oʻzi va atrofidagilardan boshlash, yaxshi, sifatli taʼlim olib, uning ortidan real yutuqlarga erishishdir. Taʼlim olishning imkoniyatlari cheksiz boʻlgan bugungi globallashuv davrida esa qaysi sohada oʻqish yoki ishlashingizdan qatʼiy nazar, xorijiy til, dasturlash, grafik dizayn, SMM va boshqalarni oʻrganish zarar qilmaydi. Aksincha, koni foyda.


Nima qilish kerak?

Bunda birinchi qadam, qiziqish va talabdan kelib chiqib soha, yoʻnalishni tanlash boʻladi. Shundan keyin boshqa, oʻrinli savollar tugʻila boshlaydi: zoʻr mutaxassis boʻlish uchun oʻquv markaziga borgan yaxshimi yoki repetitor bilan shugʻullanganmi, qay biri tanlansa, samarali va tezroq oʻrganish mumkin?

Aniq bir toʻxtamga kelish uchun har ikki variantni, oʻziga xosligi-yu, aloqador boshqa omillarni ham koʻrib chiqish, ularni inobatga olgandan keyingina mustaqil tanlov qilish kerak. Oʻquv markazlari va taʼlimga doir boshqa maskanlar haqida deyarli barcha maʼlumotlarni oʻzida jamlagan Rank.uz bu borada asqatishi mumkin boʻlgan maʼlumotlar bilan boʻlishadi.

Asosiy farqi nimada?

Oʻquv markazlari va repetitorning  asosiy farqlardan biri oʻquvchi va oʻqituvchi oʻrtasidagi oʻzaro munosabat, muloqotga nisbatan yondashuv hisoblanadi. Repetitor bilan ishlaganda vaqt jihatidan yutishingiz mumkin. Chunki oʻqituvchining bor eʼtibori, daqiqalarning bari faqat va faqat sizga qaratilgan boʻladi. Doimiy ravishda muloqot va nazoratda boʻlganingiz hisobiga xatolarni ustida oʻsha paytning oʻzida ishlash imkoniyati mavjud boʻladi. Repetitorning oʻrgatish uslubi, dasturi qiziq boʻlsa nur ustiga nur. Lekin zerikarli boʻlsa, faqat nazariya tahlil qilinsa, oʻquvchining oʻrganishga boʻlgan motivatsiyasiga taʼsir qilishi mumkin.

 

Negaki, oʻqituvchi qanchalik superfaol boʻlmasin, guruhdagi har bir oʻquvchi bilan darsning boshidan-oxirigacha birma-bir shugʻullanishi, alohida eʼtibor qaratishi qiyin masala. Mutaxassis-pedagog guruhdagi oʻquvchilarga individual yondashishga uringani bilan ajratilgan vaqt davomida yuzma-yuz shugʻullanish oʻrtasidagi oʻzlashtirish intensivligi orasida farq boʻladi, albatta.

Lekin bu oʻquv kurslarining samarasiz ekanini ham bildirmaydi. Negaki, masalan xorijiy tillarni oʻrganishda guruhdagi turli oʻquvchilar bilan muloqot qilish, boshqa tilda fikrlarini ifodalash va qolganlarning ham mulohazalarini tinglash nafaqat nutqni yaxshilanishiga hissa qoʻshibgina qolmay, xato va kamchiliklar ustida ishlash, tanqidiy yondashuvga ham yordam beradi. Bu esa til oʻrganishda oʻta muhim hisoblanadi va ijobiy natija beradi.

Dastur va metod

Kurslarda asosan muayyan dastur asosida dars oʻtiladi va koʻpincha guruhdagi barcha uchun umumiy boʻladi. Repetitor bilan shugʻullanganda esa dastur aynan sizga muvofiq ravishda tuziladi. Malakali pedagog bir zumdayoq sizning darajangiz, ehtiyojlaringizni aniqlab, shundan kelib chiqib tavsiyalar beradi. Individual yondashish hisobiga sifat va intensivlik sezilarli darajada yuqori boʻladi.

Qiyoslov

Oʻquv kurslariga qatnash jarayonida nafaqat oʻz natijasi, balki muvaffaqiyatni ham boshqalarniki bilan taqqoslash, intilish borasida oʻrnak olish mumkin. Repetitor bilan ham turli audio va videolardan foydalansa boʻladi ammo bu borada faqat oʻqituvchining oʻzi bilangina fikr almashiniladi. Shuning hisobiga taqqoslashdan koʻra, baho berish asosida xulosa qilinadi.

Dars soatlari

Doim bir vaqtda shugʻullanish, darslarning haftani muayyan kunlari, aniq soatda boʻlishi tartib va intizom uchun ayni muddao. Bu kundalik qiladigan ishlarining vaqti, ketma-ketligi barqaror boʻlgan odamlar uchun, ayniqsa, qulaydir. Lekin kun tartibi, bajaradigan ishlari tinmay oʻzgarib turadigan, toʻsatdan oʻqish yoki ish bilan bogʻliq vazifalar chiqib qoladiganlarga repetitor yollash afzalroq. Negaki, bu oʻzaro kelishgan holda mashgʻulotlar soatini moslashuvchan qilib tuzish, oʻzgartirish kiritish va keyinga qoldirish imkonini beradi.

Xarajatlar

Shaxsiy repetitor bilan yuzma-yuz shugʻullanish oʻquv markazida oʻqishga nisbatan biroz qimmatroq boʻlishi mumkin. Shuning uchun avvaliga aniqlab olish kerak: koʻproq pul toʻlab tezroq oʻrganmoqchimisiz yoki choʻntakbop narx evaziga shoshmay oʻrgansangiz ham boʻlaveradimi. Kimlardir uchun natija, qisqa vaqtda jadal oʻzlashtirish, vaqt tejalishi muhimroq boʻlishi mumkin. Boshqalar esa choʻntakbop narxga oʻrganish mumkin boʻlgan soha, yoʻnalishga ortiqcha mablagʻ sarflash shart emas, deb hisoblaydi. 

Feʼl-atvordagi oʻziga xoslik


Yana uncha muhim emasdek tuyulgani bilan, koʻzdan qochirmaslik tavsiya qilinadigan jihat bor. Bu feʼl-atvordagi oʻziga xosliklardan kelib chiqib tanlash hisoblanadi. Gap shundaki, kimlardir koʻpchilikning yonida muayyan mavzu borasida fikr va mulohazalarini ifodalay olmasligi, uyalishi, boshqalar bilan oʻzini taqqoslashni xohlamasligi mumkin. Xuddi shuningdek, tengdoshlari bilan mavzularni quvnoq atmosferada muhokama qilishni yoqtiradigan, chiqishuvchan va repetitor bilan yuzma-yuz taʼlimda yuragi siqilib, doimiy nazorat sabab oʻzini bosim ostida qolgandek his qiladigan, bu esa natijalariga taʼsir qiladiganlar ham bor. Shuning uchun ham avvaliga nimani, qanday shaklda xohlayotganingizni oldindan aniqlashtirib olish, shundan kelib chiqib tanlov qilish tavsiya qilinadi.

Mutaxassisning malakasi


Hamma ham oʻz ishini ustasi boʻlgan mutaxassisda taʼlim olishni

xohlaydi. Masalan, dasturlash, grafik dizaynerlik, SMM borasida bilimlarni oshirish uchun faqat shu sohani nazariy jihatdan bilish, kursni tamomlaganlikning oʻzi kamlik qiladi. Tajriba, bu borada qilgan ishlari, portfoliosi bor yoki yoʻqligi, kimlar bilan hamkorlikda ishlagani ham muhim rol oʻynaydi. Oʻquv markazlari aynan shu kabi sohalarda faoliyat yuritadigan mutaxassislarning eng yaxshisini tanlashga, resumesi bilan tanishib, baho bergandan keyingina ishga olishga harakat qiladi. Repetitor yollashda hali sir-asrorlarni bilmaganingiz uchun esa mutaxassisning bu boradagi malakasini xolis baholashingiz biroz mushkul boʻlishi mumkin.


Qoʻshimcha omillar

Oʻquv markazlarida kutubxona, qoʻshimcha resurslar boʻlishdan tashqari, haftaning oxirgi kunlari debatlar boʻladi. Kino tomosha qilinishi, ijtimoiylashishga yordam beruvchi tadbirlar tashkil qilinishi oʻquv markazlarining oʻziga xosligi sanaladi. Bu oʻquvchining oʻrganayotgan fan yoki sohasiga qiziquvchi yoshlar davrasida boʻlishi, sotsiallashishiga yordam beradi. Repetitor bilan shugʻullanish ham qolipda boʻlish, faqat mavzuni oʻzlashtirish kerakligini bildirmaydi, albatta. Shunchaki, bunda qoʻshimcha masʼuliyat oʻrganuvchining oʻziga qoladi.

Xulosa

Yuqoridagilarni taroziga solgan holda qaror qabul qilish, imkoni boʻlsa har ikkisini sinab koʻrish maqsadga muvofiq boʻladi.