Yaxshi kasb egasi boʻlish uchun oliy taʼlim kerakmi? - Rank.uz

Yaxshi kasb egasi boʻlish uchun oliy taʼlim kerakmi?

Вчера 20:42

Oliy taʼlim kelajakda kim boʻlish, nima qilishni xohlayotganingizni anglash uchun imkon. Talabalik yillari oʻz ustida ishlashdan tashqari,

nafaqat muayyan sohani oʻrganish, balki shaxs sifatida rivojlanish uchun ham eng yaxshi davrdir. Yaxshi kasb egasi boʻlish uchun-chi? Universitetni tamomlash muvaffaqiyatli karyeraga asos boʻla oladimi? Taʼlimga doir maʼlumotlarni oʻzida jamlagan rank.uz koʻpchilikni qiziqtirgan ushbu masalaga doir mulohazalar bilan bo‘lishadi.


Oʻzbekistonda oliy taʼlim

Universitetlarning yetuk mutaxassis bo‘lishda nechog‘lik ahamiyatga ega  haqida fikr yuritishdan avval Oʻzbekistonda qancha OTMʼlar borligiga toʻxtalib oʻtish oʻrinli boʻladi. Chunki bu oliy taʼlimga qanchalik talab yuqoriligi, qiziqish borligi haqida xulosa qilishga yordam beradi. 

2022-yilgi maʼlumotlarga koʻra, yurtimizdagi OTMʼlar soni 159 tani tashkil qiladi. Shundan 87 tasi hududlarda joylashgan boʻlsa, eng koʻpi Toshkent shahriga toʻgʻri keladi. Yaʼni qayd qilinishicha, poytaxtda jami 72 ta OTM joylashgan. 

Oʻzbekistondagi xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari soni oxirgi 3 yilda ikki barobarga koʻpaygan. 2020/2021-oʻquv yili boshida respublika boʻyicha 20 ta xorijiy oliy taʼlim tashkiloti faoliyat yuritgan. 2022-yilgi holatga koʻra esa taʼlim inspeksiya tomonidan litsenziyalangan nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari soni 42 taga yetgan. Ammo bu hali hammasi emas. 2022-2026 yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasiga koʻra, nodavlat taʼlim xizmatlari koʻrsatuvchi tashkilotlarga sharoit va imkoniyatlarni kengaytirish, ularning ulushini 2026-yilda 8 foizga oshirish rejalashtirilgan.


Endi yana bir qiziq masalaga toʻxtalib oʻtsak. Xoʻsh, yurtimizda shuncha universitet bor ekan, ulardan qay biri eng yaxshi? Bu savolga har kim obyektiv va subyektiv sabablarga koʻra turli javob berishi mumkin. Taʼlim sifatini nazorat qilish inspeksiyasining 2022-yil noyabr oyida eʼlon qilgan Oliy taʼlim muassasalari milliy reytingida esa Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti birinchi oʻrinda. Ushbu roʻyxatga koʻra, Oʻzbekiston milliy universiteti ikkinchi, Toshkent tibbiyot akademiyasi esa uchinchi oʻringa loyiq topilgan. Samarqand davlat universiteti va Toshkent moliya instituti esa keyingi oʻrinlarni band qilgan. 

Oliy taʼlimni bitirish yaxshi kasb uchun kafolatmi?


Oliy taʼlim chindan ham yaxshi, unda faoliyat yuritadigan pedagoglar darhaqiqat katta tajribaga ega boʻlsa, tanlangan sohada muvaffaqiyatli karyera qilish uchun yetarli bilimlarga ega boʻlish mumkin. Lekin boshqa ehtimoliy holatlar borligini ham unutmaslik kerak. Masalan, statistika maʼlumotlariga koʻra, 2021-yilda 103,9 ming nafar talaba Oʻzbekiston oliygohlarini bitirgan. Shunga qaramay, mazkur raqam talabalarning bari oʻz mutaxassisligi boʻyicha ishlayotganini anglatmaydi. Bitiruvchilar orasida turli sabablarga koʻra, sohasini almashtirgan yoki umuman ishsizlar ham ancha boʻlishi mumkin. Buning boisi nafaqat taʼlimning sifati, balki oilaviy sharoitdan kelib chiqib qilingan shaxsiy qaror, moddiyat bilan bogʻliq muammo hamda boshqa omillar bilan bogʻliq boʻladi aksariyat holda.


Nima uchun OTMʼda oʻqish kerak?


Ayrimlar bugungi kunda OTMʼda oʻqishga hojat yoʻq, oʻquv markazlari yoki video darslar orqali ham u yoki bu sohani yaxshilab oʻrganish mumkin, degan fikrni ilgari suradi. Agar gap dasturlash, xorijiy tillar yoki grafik dizaynerlikka oʻxshagan kasblar haqida ketayotgan boʻlsa, yuqoridagidek fikrlovchilar qaysidir maʼnoda haqdir ehtimol. Lekin tibbiyot, pedagogika, arxitektura va yurisprudensiyaga oʻxshagan sohalarda ishlash uchun kurslarni tamomlash kamlik qiladi. Negaki, ertaning umidi boʻlgan yosh avlodga taʼlim berish, insonlarning dardiga malham boʻlish, zilzila-yu ofatlarga bardoshli turar-joylarni qurish, qonun va haq-huquqlar ustuvorligini taʼminlashga hissa qoʻshish, qolaversa, shunga oʻxshash sohalarda faoliyat yuritish oʻta katta tajriba, malaka, nazariyani chuqur bilib, amaliyot bilan umumlashtiradigan yetuk mutaxassis boʻlishni talab qiladi.


Universitetda oʻqiganlar moʻmayroq daromad topadimi?


Dunyo tajribasida xodimga beriladigan oylik maosh, uning oʻz ishini yaxshi bilishi, tajribasidan tashqari, taʼlim darajasiga qarab ham belgilanadi. Taʼlim darajasi qanchalik yuqori boʻlsa, ishchining daromadi ham shuncha baland boʻladi. Yaʼni oddiyroq tushuntirsa, o‘rta ma’lumotli moliya yoki tibbiyot xodimining oyligi, PhD yoqlagan hamkasbinikidan sezilarli farq boʻladi. Ammo bu absolyut shunday degani emas. Oʻz navbatida diplom talab qilmaydigan sohalar borligi, ularda ish natijasi muhimroq ekanligini ham taʼkidlab oʻtish kerak.


Shuningdek, akademik muvaffaqiyatlarga erishish, tadqiqot va izlanishlar qilishni istovchilar uchun universitet ayni muddao. Bakalavrdan keyin magistraturaga topshirish, PhD himoya qilib, dars berish hamda ilmiy tadqiqotlar qilish imkoniyati mavjud.


Talabalik vaqtida karyera uchun muhim boʻlgan dunyoqarash shakllanadi

Talaba doʻstlaringizdan: “Jurnalist, rassomlarga oliy matematikaning nima keragi bor? Huquq, iqtisodda oʻqiydiganlar ekologiyani oʻrganib nima qiladi”, degan shikoyatni eshitgan boʻlsangiz kerak. “Bir sohani tanlagandan keyin shuni chuqurroq oʻrganish kerak-da, nima keragi bor boshqa fanlarga vaqt sarflab”, degan fikrlar ham begona emasdir, balki sizga. Lekin hammasi biroz boshqacharoq va universitetlarning farqi shunda hamdir ehtimol. Gap shundaki, hayotda kerak boʻladigan boshqa yoʻnalishlar haqida maʼlumot olish, tushunchaga ega boʻlish asnosida dunyoqarash kengayadi, tanqidiy fikrlash rivojlanadi, turli mavzular bir-biri bilan taqqoslanib, fikr va xulosalarni bayon qilish osonroq kechadi.


Yaxshi mutaxassis boʻlasiz, chunki...


Kimyo, biologiya va fizika fakultetida taʼlim oladigan talabalar, universitet laboratoriyalaridan, tadqiqot markazlaridan foydalana oladi. Bu ularning kelgusidagi izlanishlari uchun foydali boʻladi. Shuning singari, rejissorlik, jurnalistika, san’at boʻyicha tahsil oladigan oʻgʻil-qizlar kameradan foydalanadi, ovoz yozish studiyalarida ishlaydi, montajni oʻrganadi. Aslida buning uchun maxsus kurslarga ham qatnash mumkin lekin bu odatda qoʻshimcha mablagʻ talab qiladi. Universitetdagi amaliyot xonalari esa tanlagan sohasi boʻyicha oʻz ustida ishlovchilar uchun ayni muddao boʻladi.


Tabiiyki, har doim ham infratuzilmalardan foydalanish imkoniyati mavjud boʻlmasligi mumkin. Ammo oʻqituvchilarga murojaat qilib, bu borada yordam soʻrash mumkinligi talabalar uchun foydadan holi emas.

Yetuk mutaxassis boʻlish uchun tajriba


Amaliyot dasturlarining mavjudligi universitetdagi taʼlimning yana bir oʻziga xos tomoni hisoblanadi. Negaki, bu faqatgina yaxshi kasb egasi boʻlish uchun keraklicha tajriba toʻplash, sir-asrorlarni oʻrganish, balki hali ishga qabul qilinmay turib, imkoniyatlarni sinash imkonini beradi. Talaba bu vaqt davomida nazariyaning amaliyotga qanchalik hayotga mos yoki yoʻqligini solishtirib, xulosa qilishi, shu asnoda kelajakdagi xatti-harakatlarini belgilab olishi mumkin. Bundan tashqari, agar chindan ham intiluvchan va oʻrganishga chanqoq boʻlsa, ish beruvchining eʼtiborini tortib, oʻqishni tamomlamay turib, ish joyi tayin boʻlishi mumkin.


Kasbiy faoliyat uchun bonus


Universitetda oʻqish davomida xorijiy dasturlar, grantlar, stajirovka va stipendiyalarga hujjat topshirish mumkin. Dasturning qanday ekaniga qarab, xarajatlar universitet, davlat yoki tashkilotchilar tomonidan toʻliq yoki qisman qoplanishi mumkinligi esa talabalar uchun ayni muddao boʻladi. Grant yutib, xorijda oʻqish, boshqa madaniyatni oʻrganish, sayohat qilish esa dunyoqarashni kengaytiradi. Bunday tajribaga ega yoshlar esa nafaqat kasbiy, balki shaxsiy yetuklikka intilishga harakat qiladi. Ustida ishlashdan charchamaydigan, open-minded kadrlarga esa har doim har yerda talab yuqori boʻladi.


Ishda asqatadigan ijtimoiylashishga sabab boʻladi


Oiladagi muhit, feʼl-atvor yoki boshqa sabablar tufayli, baʼzilar koʻpchilik oldida nutq soʻzlash, muloqotga kirishishdan chekinishi mumkin. Universitetdagi tadbirlar, seminar-u konferensiyalar, hatto ogʻzaki imtihonlar ham bu kompleksdan xalos boʻlishga yordam berishi ehtimoldan holi emas. Kelgusidagi faoliyati mijozlar bilan ishlash, auditoriya bilan doimiy aloqada boʻlishi kerak insonlar uchun esa bu juda muhim. Chunki baʼzida yaxshi kasb egasi boʻlish uchun sohani yaxshi bilishning oʻzi kamlik qilishi, ijtimoiy munosabatlarning roli ham ahamiyatli boʻlishi mumkin.


Yana-chi?

Avvaldan deadlineʼni aniq boʻlgan imtihonlar uchun tayyorlanish, kurs ishi va vazifalarni oʻz vaqtida topshirish kerakligi hisobiga talaba oʻqish-ishlarini shunga qarab rejalashtiradi. Oʻqishdan tashqari, volontyorlik qiladigan, sport yoki boshqa mashgʻulotlar bilan shugʻullanadiganlar esa qilinishi kerak boʻlgan ishlarni muhimlilik darajasidan kelib chiqib, ketma-ketligini tartibga soladi. Muddat bilan ishlash va tartib esa time managementʼda juda katta ahamiyatga ega. Bu kasbiy faoliyatda ham asqatadi. Vaqtini toʻgʻri taqsimlaydigan, masʼuliyatli mutaxassislar esa hamisha jamoada alohida hurmatga sazovor boʻladi.


Xulosa qilinadigan boʻlsa, yaxshi kasb egasi boʻlish uchun oliy taʼlim kerak. Lekin oʻsha sohada ishlab keta olish, muvaffaqiyatlarga erishish uchun universitetni tamomlashning oʻzi yetarli emas. Sodda qilib aytganda, bilim, oliy taʼlim bir vosita, undan qanday foydalanish esa insonning oʻziga bogʻliq.