Toshkentdagi barcha xususiy maktablar - Rank.uz

Toshkentdagi barcha xususiy maktablar

Вчера 20:42

Maktabga yosh avlodning fikri shakllanadigan ustaxona, deb taʼrif bergan fransuz yozuvchisi Anri Barbyus kelajakni boy bermaslik uchun uni mahkam ushlash kerakligini taʼkidlagan va bu bilan, aynan maktablarda beriladigan taʼlimning naqadar muhimligiga eʼtibor qaratgan. Adibning fikrlari nechogʻlik haqiqat ekanini esa taʼlim, xususan, maktablardagi bilimning sifatli boʻlishiga eʼtibor qaratish orqali bugungi kunda iqtisodiy, siyosiy va umuman har tomonlama rivojlangan, eʼtiborsizlik oqibatida esa aksincha tanazzul tomon ildamlayotgan mamlakatlar misolida bilish mumkin.


“COOL KIDS”

“COOL KIDS” oʻquvchilarga samarali taʼlim berish maqsadida tashkil qilingan yana bir oʻquv muassasalaridan biri hisoblanadi. Mazkur bogʻcha-maktab bolalarni nafaqat intellektual, balki ijodiy va sportga oid qobiliyatlarini ham rivojlantiruvchi markaz hisoblanadi. Bogʻchaga 2 yoshdan qabul qilinishdan tashqari, bolalar 1-sinfdan 11-sinfga qadar bilim olishlari mumkin sanaladi. Har bir bolaga differensial yondashuvdan tashqari, sinfdagi bolalar soni atigi 16 kishini tashkil qilishi afzalligidan biri hisoblanadi. Nega deganda, bola soni qancha kam boʻlsa, pedagogning ular bilan shugʻullanishi, individual tushuntirish imkoniyati shuncha koʻproq boʻladi. 

Darslar Oʻzbekistondagi davlat dasturi asosida, rus tilida oʻtiladi. Soat 8:00 dan 17:30 ga qadar faoliyat yuritadigan xususiy maktabda bolalar 4 mahal taomlanishi mumkin. Ingliz tili mashgʻulotlaridan tashqari, logoped bilan shugʻullanish imkoniyati ham mavjud. Tushlikdan keyin shaxmat, raqs, sambo va boshqalar bilan band boʻlinadi. Haftada ikki marotaba fransuz va xitoy tili darslari boʻlishi bilan birga, bolalar teatr va muzeylarga ham olib borib turiladi.


Diplomat International School

Farzandlari aniq fanlar, xususan, matematikani yaxshi oʻzlashtirishini xohlaganlar uchun esa Diplomat International Schoolʼni tavsiya qilamiz. Negaki, aynan mazkur xususiy maktabda matematika chuqur oʻrgatilibgina qolmay, mantiqiy fikrlashni rivojlantirishga ham eʼtibor qaratiladi. Ammo bu hali hammasi emas. Aniq fanlardan tashqari, ingliz tiliga ham urgʻu beriladi. 

Malakali pedagog hamda mutaxassislar nafaqat jismoniy va ijodiy, balki intellektual qobiliyatlar, shuningdek soft skillsʼni rivojlantirishga ham yordam beradi. Faqat darslarning oʻzi bilan cheklanib qolinmaydi, kun davomida 4 mahal sifatli mahsulotlardan tayyorlangan taomlar taqdim qilinadi. Qoʻshimcha ravishda teatr, raqs, fan, shaxmat bilan shugʻullanish mumkinligi esa bolalarning har bir vaqti samarali oʻtishini taʼminlaydi.


Erudite Education

Erudite Education esa oʻquvchilarning mantiqiy fikrlashini rivojlantirishni maqsad qilgan muassasalardan biri hisoblanadi. Asosiy eʼtibor intellektni rivojlantirishga qaratiladi. Bolalar karate, sport gimnastikasi singari sport seksiyalarida shugʻullanadi. Shaxmat, tasviriy sanʼat bilan shugʻullanish, xoreografiya va teatr mashgʻulotlariga qatnash imkoniyati mavjud. Bolalarning salomatligi muhimligi esa albatta yoddan chiqmaydi. Shuning uchun ham bolalarga toʻgʻri ovqatlanish oʻrgatiladi. 

Maktabda professional yordam koʻrsatishi mumkin boʻlgan logoped va bolalar psixologi faoliyat yuritadi. Yana bir alohida eʼtirofga loyiq jihati, kutubxona maktabdagi eng asosiy va muhim joylardan biri sanaladi. Unga bolalar qiziqarli maʼlumotlarni olish uchun murojaat qiladi. Boshlangʻich sinflarga kutubxonachi kitoblar oʻqib beradi, ular bilan diskka yozilgan hikoya va ertaklarni birgalikda tinglaydi.


Goldstars School

“Goldstars school” oʻquv muassasasi boʻlsa zamonaviy texnologiyalar va anʼanaviy taʼlimni umumlashtirgani bilan oʻziga xosdir. Ushbu xususiy maktab oʻquvchilarga sifatli taʼlim berish bilan birga, darslarning qiziqarli va samarali boʻlishiga ham alohida eʼtibor qaratadi. U yerda sohasidan tashqari, bolalar bilan qanday muomala qilishni biladigan tajribali mutaxassislar faoliyat yuritadi. 

Maktabda umumiy taʼlim dasturidan tashqari, qoʻshimcha fanlar ham mavjud boʻlib, bu bolalarning qiziqishlarini anglash, undan kelib chiqib, individual yondashish imkoniyatini beradi. Kunning birinchi yarmida asosiy darslar boʻladigan boʻlsa, ikkinchi yarmida qoʻshimcha, xususan, sanʼat, hunarmandchilik, musiqa, ingliz vokal klubi singari mashgʻulotlar bilan band boʻlish mumkin. Qolaversa, aqliy arifmetika, sport mashgʻulotlari, robototexnika, shaxmat va shashka, shuningdek, tasviriy sanʼat toʻgaraklarining eshiklari oʻquvchilar uchun muntazam ochiq.


NewTone school

NewTone — ingliz tilini chuqur oʻrgatishga ixtisoslashtirilgan xususiy maktab. Ushbu muassasada boshlangʻich va oʻrta maktab yoshidagi bolalarga qiziqarli va samarali oʻquv dasturi asosida dars oʻtiladi. Asosiy darslardan tashqari, qoʻshimcha mashgʻulotlar borligi hisobiga maktab 8:30 dan 18:00 gacha faoliyat yuritadi. Kun boʻyi ishda boʻladigan va farzandining bekorchi ishlarga chalgʻimasligini istaydigan ota-onalar uchun esa bu ayni muddao sanaladi. Negaki, farzandingiz kun davomida dars va foydali mashgʻulotlar bilan mashgʻul boʻlishdan tashqari, doimiy ravishda nazoratda boʻladi. Ota-onalarning onlayn nazorat qilib turish imkoniyati borligi esa afzalliklaridan biri hisoblanadi. 

Bolalar 18:00 ga qadar dam olish xonalaridan foydalanishi, ovqatlanishi mumkin. Gimnaziyada ingliz tilining oʻzi bilangina cheklanilmaydi, fransuz va matematikani ham chuqur oʻrgatiladi. Sinflarda oʻquvchilar sonining 20 nafardan oshmasligiga eʼtibor beriladi.


Intellect school

Intellect school farzandlari faqatgina darslar bilan cheklanmasdan, foydali mashgʻulotlar bilan band boʻlishi va kelajakda oʻsha qiziqqan sohasida muvaffaqiyatga erishishini istovchilar uchun munosib tanlovdir. Maktabda dastur asosidagi fanlar oʻqitilishi bilan kifoyalanilmaydi. Darslar yakuniga yetgach bolalar oʻqituvchilari bilan birga uy vazifalarini bajaradi, qiziqtirgan savollarga javob topadi.

Kun davomida esa yigit-qizlarga 5 mahal ovqat taqdim qilinadi. Bu ishdan kech qaytishga majbur-u, ammo farzandi bilan

shugʻullanolmayotganidan koʻngli toʻlmaydigan ota-onalar uchun qulaylik yaratadi. Yana bir jihati, bolalar uydan kitob-daftarlari solingan portfellar bilan qatnab yurishiga hojat yoʻq. Ular barcha darslik va oʻquv qurollarini maktabdagi shaxsiy shkaflarida qoldirishi mumkin.

Bundan tashqari, suzish, karate, kompyuter, musiqa va mehnat mashgʻulotlari ham mavjud. Oʻquvchilar eslab qolish, arifmetika va boshqa xorijiy intellektual musobaqalarda ishtirok etishi mumkin.


Evrika

2008-yilda tashkil qilingan Evrika xususiy maktabi oʻquvchining bilim darajasidan kelib chiqib, individual dastur asosida taʼlim berishi bilan oʻziga xosdir. Bugunki kunda mazkur maktab uchta filial va maktabgacha taʼlim muassasasini oʻz ichiga oladi. Bunday yondashuv va innovatsion-interfaol usullardan foydalanish bolalarning bilim darajasini oshirishga, rivojlantirishga hissa qoʻshadi. Darslarning qiziqarli va samarali boʻlishiga alohida eʼtibor qaratiladi. 

Har bir bolada oʻziga xoslik borligi inobatga olinib, ularning shaxs sifatida rivojlanishi, fikrlashiga yordam beriladi. Bitiruvchilarining bir necha yil qatorasiga xalqaro musobaqa va tanlovlarda gʻolib boʻlishi esa maktabdagi taʼlim va tayyorlov haqida xulosa qilish imkonini beradi. Soat 8:00 dan 18:00 gacha faoliyat yuritadigan maktabda kimyo va biologiya laboratoriyalari, sport zal va futbol maydoni, shuningdek, basseyn mavjud. Kun davomida 4 mahal ovqat taqdim qilinadi. Darslardan tashqari, oʻquvchilar xohish va qiziqishlaridan kelib chiqib turli mashgʻulotlarga qatnashi mumkin.