Xorijiy tillarni tez va samarali oʻrganishga yordam beradigan metodlar - Rank.uz

Xorijiy tillarni tez va samarali oʻrganishga yordam beradigan metodlar

Вчера 20:42

Bir nechta til bilish nafaqat kasbiy, balki shaxsiy oʻsish uchun ham muhim sanaladi. Shuning uchun boʻlsa kerak, xorijiy tillardan hech boʻlmaganda birini bilish bugungi davr talabi hisoblanadi. Dunyo boʻyicha eng koʻp ingliz tili oʻrganilishi haqida bilishingizga shubha yoʻq (1,5 million aholi haqida gap ketyapti). Oʻrinli savol tugʻiladi: Xoʻsh, yana qaysi tillarga dunyo miqyosida qiziqish yuqori? Taʼkidlanishicha, dunyoda ikkinchi eng koʻp oʻrganiladigan til fransuz tili hisoblanadi. Keyingi oʻrinlarni xitoy va ispan tillari egallaydigan yettitalik reytingdan nemis, yapon, shuningdek,italyan tili ham joy olgan. 

Education First xalqaro taʼlim markazining maʼlumotiga asoslanadigan boʻlinsa, Oʻzbekiston 2022-yilda ingliz tilini bilish darajasi boʻyicha 446 ball bilan 110 davlat orasida 89-oʻrinni egallagan. Rank.uz xorijiy til oʻrganishga ahd qilgan-u qaysi metod yaxshi samara berishini bilmayotgan yosh-u katta uchun foydali boʻlgan maʼlumotlarni havola qiladi. 

Birinchi qadam — maqsad qoʻyish

Xorijiy tillarni oʻrganishdan avval yoki bunga kirishish bilan

maqsadingizni aniqlab oling. Til oʻrganish hech qachon zarar qilmasligi, doim kerak boʻlishi haqiqat-u, lekin bu umumiy javob. Maqsadni aniqlashtirib olish, kelajakda muvaffaqiyatga tez va reja asosida erishishga hissa qoʻshishini esdan chiqarmaslik kerak. Yaʼni ingliz, fransuz yoki koreys tilini oʻrganib xorijga oʻqishga ketmoqchimisiz yoki xalqaro kompaniyada ishlashni rejalashtiryapsizmi? Balki keyinchalik boshqa davlatda yashashni istarsiz? Bu qaysi tilni oʻrganishni bilmay, ikkilanib turganlarning nima qilish kerakligi haqidagi savolga javob topishiga yordam beradi. Gap shundaki, hamma joyda lozim boʻladi, deya siz ingliz tilini oʻrganish kerak deb oʻylayotgan boʻlishingiz mumkin. Lekin masalan Germaniyaga borib oʻqish yoki yashashni istaydigan boʻlsangiz, bor diqqatni nemis tilini oʻrganishga qaratish vaqt va imkoniyatlar jihatidan foydaliroq boʻlishi mumkin.

Maqsad va qaysi tilni oʻrganish haqidagi qaroringiz tayin boʻlsa, ana endi oʻzlashtirishingiz va qiziqishingizdan kelib chiqib qaysi metod asosida tayyorlanishni tanlashingiz mumkin.

Oʻrganishni grammatikadan boshlash

Oʻqish, tarjima va qayd qilish — maktab davridan yaxshi tanish boʻlgan mazkur anʼanaviy usulni bilmaydigan odam boʻlmasa kerak oramizda. Ushbu metodda asosan oʻrganilayotgan tilga doir qoida hamda fonetikani oʻrganishga eʼtibor beriladi. Klassik oʻrganishni xohlovchilar uchun ayni muddao boʻlgan ushbu usul, koʻproq amaliy oʻrganishni istovchilarga mos kelmasligi mumkin. Yozma tarjimasi mukammal boʻlishini xohlovchi yoki kelgusidagi faoliyati tilning nazariyasi bilan bogʻliq boʻlganlar uchun esa ayni muddao. Yaxshi tomoni ushbu usulda oʻrgangan oʻquvchilarning bazasi mustahkam boʻladi. Bu grammatik jihatdan toʻgʻri gap tuzishga asos boʻladi.


Ammo asosan yozishdan foydalanilgani hisobiga muloqotga kirishish, fikrni erkin ifodalashda biroz qiyinchiliklar kuzatilishi mumkinligini hisobga olish kerak. Yaʼni bunda siz maʼlum mavzu haqidagi mulohazalarni qogʻozda erkin bayon qila olarsiz ammo yuzma-yuz suhbat yoki bahslarda unchalik ham dadil boʻla olmasligingiz mumkin. Shunga qaramay, bu mazkur metodning keraksiz ekanidan darak bermaydi. Agar mustaqil ravishda ham eshitish va gapirish ustasida koʻproq ishlab, umumlashtirilsa, bemalol ijobiy natijaga erishsa boʻladi.


Audiolingual mеtod

Xorijiy tilni asosan tinglash, eshitganini gapirish orqali oʻrganishga audiolingual mеtod deyiladi. Asosan ogʻzaki nutqqa urgʻu beriladigan ushbu metodda talaffuz muhim rol oʻynaydi. Asosan gapirishga eʼtibor qaratilgani hisobiga grammatika ikkinchi darajali boʻlib qoladi. Qayd qilingan audio bir necha marotaba tinglanadi va ortidan qaytaradi. Bora-bora oʻquvchi jumlalarni avtomatik tarzda takrorlaydigan boʻladi. Natijada talaffuz va intonatsiyaning oʻziga xosliklarini farqlash imkoniyati paydo boʻlishi mumkin. Ammo yana bir alohida eʼtiborga loyiq jihati bor. Gap shundaki, bunda oʻquvchining takrorlashi ongli ravishda boʻlmaydi. Yaʼni zamonlarda adashish, baʼzida nima haqida gap ketayotganini anglamay qolish holatlari ham kuzatilishi mumkin. Lekin grammatik jihatdan bazasi mustahkam, eshitish va gapirishini yaxshilamoqchi boʻlganlar uchun samarali hisoblanadi. Xorijiy tilni oʻrganishni endi boshlaganlarga asosiy metod sifatida foydalanish tavsiya qilinmaydi, audiolingual usuldan qoʻshimcha sifatida foydalanish yaxshi samara beradi.

Kommunikativ metod

Kommunikativ yondashuv eng samarali va keng tarqalgan metodlardan biri hisoblanadi. Mazkur usulni qoʻllashdan asosiy maqsad oʻquvchini boshqa, yaʼni oʻrganayotgan tilda fikrlashga undashdan iborat. Yangi til oʻrganayotgan odamda eng koʻp kuzatiladigan muammo: dastlab biron narsa haqida gapirmoqchi boʻlsa, uni oʻz tilida nima ekanini eslab olish, soʻngra xayolan uning xorijiy tildagi tarjimasi nimaligini yodga olish, ana undan keyingina tilga koʻchirish boʻladi. Kommunikativ usul bilan til oʻrganayotgan odamni esa ushbu muammo deyarli bezovta qilmaydi. Bundan tashqari, koʻp manbalar bilan ishlash, amaliyot usullarning bir qanchaligi, qolaversa, boshqalar bilan dolzarb, hayotiy voqea-hodisalarni muhokama qilish mumkinligi afzalliklaridan hisoblanadi. Bonusi doimiy muloqot qilish hisobiga nutq, fikrlarni ifodalashda toʻsiq boʻlmaydi. Shuning uchun boʻlsa kerak mazkur metod orqali oʻrganish tez va ijobiy natijaga erishish imkonini beradi. Yanada samarali boʻlishi uchun esa parallel ravishda lugʻat boyligini koʻpaytirib borish, yangi soʻzlarni qoʻllashga harakat qilish, shu bilan birga, grammatikani ham takrorlab turish tavsiya qilinadi.

Ilya Frank metodi

Bir vaqtning oʻzida ikki matn: original va tarjima bilan ishlash bilan namoyon boʻladigan ushbu usul xorijiy tilni allaqachon boshlagan-u, ustida ishlamoqchi, yanada mustahkamlamoqchi boʻlganlar uchun ayni muddao. Ammo zamonaviy soʻzlarni oʻzida mujassam qilmagani va faqat matn bilan ishlashdan iborat ekani sabab birgina shu metodning oʻzi bilan cheklanish kamlik qiladi.


Mustaqil ravishda oʻrganish uchun nima qilish kerak?

Hatto oʻquv markaziga qatnagan, repetitor yollagan taqdiringizda ham samarali natija erishish uchun ham mustaqil ravishda oʻz ustingizda ishlashga harakat qiling. Agar moliyaviy yoki boshqa sabablarga koʻra mutaxassis yordamidan foydalana olmasangiz oʻzingiz uchun haftalik reja tuzib oling. Har kuni yoki kunora muntazam ravishda shugʻullanishga harakat qiling. Ishni grammatik bazani mustahkamlashdan, qoidalarni koʻzdan kechirishdan boshlang. Muayyan mavzuga doir oʻrganganingizni darhol amaliyotda qoʻllang. 

Masalan, deylik ingliz tilida Present simple yoki deylik To Beʼga doir qoidalarni oʻrgansangiz, ularni qoʻllab gap, keyin esa hikoya tuzing. Doʻst/dugonangizga hikoyani aytib berib, shu mavzuda savol-javob qiling. Qoʻshimchasiga YouTube orqali mavzuga oid eng qiziq kontentlarni koʻrib chiqing. Internetdan istalgan mavzudagi testlarni yuklab olib, mustaqil yechsangiz ham boʻladi (aksariyatining javoblari boʻladi, keyin

tekshirib olishingiz mumkin ).

Masalan, yoʻl-yoʻlakay sizga qiziq mavzudagi podcast tinglang. Doʻstingiz/dugonangizga oʻzaro muloqotni xorijiy tilda qilishni taklif qiling. Tushunish qiyin boʻlmagan filmlarni tomosha qilishni, kitob oʻqishni kanda qilmang.

Gapirishga, muloqot qilishga harakat qiling

Hatto lugʻat boyligingiz yetarli boʻlmagan taqdirda ham bilgan soʻzlaringizni qoʻllab gap tuzishga urining. Oson va qiziqroq boʻlishi uchun yaxshi koʻrgan qoʻshigʻingizning matnidagi soʻzlarni yodlab, ularni muloqotda toʻgʻri qoʻllab koʻrsangiz ham boʻladi. Xato qilishdan, kamchiliklar boʻlishidan qoʻrqmang. Oʻzingizni vaqti-vaqti bilan ragʻbatlantirishni ham unutmang.

Foydali manbalardan foydalaning

Aksari mamlakatlarni, xorijiy til oʻrganuvchi fuqarolarga moʻljallangan maxsus dasturlari boʻladi. Rasmiy manbalar orqali ular bilan tanishib chiqish ham zarar qilmaydi. Umuman olganda internet orqali istalgan tildagi, xohlagan maʼlumotni topishingiz mumkin, shunchaki iloji boricha saralab, ishonchli manbalardan foydalaning.

Foydali ilovalar

Zamonaviy hayotda biz eng koʻp telefon bilan birga vaqt kechiramiz. Quyidagi statistika esa buning naqadar haqiqat ekaniga yaqqol misol boʻla oladi. Maʼlumotlarga koʻra, odam har kuni oʻrtacha telefon qarshisida 3 soat-u 15 daqiqa boʻladi, har 5 smartfon foydalanuvchisidan biri esa telefon bilan 4,5 soatdan koʻproq vaqt sarflaydi. Ha, bu kishini mulohazaga undaydigan koʻrsatkich. Lekin shunga qaramay, xavotirga tushishning oʻzi bilan ushbu muammoga yechim topib boʻlmaydi. Yaxshisi undan foydali maqsad yoʻlida foydalanish kerak. Qanday deysizmi? Juda oddiy. Til oʻrganishga yordam beradigan Duolingo, Urban dictionary va shunga oʻxshash boshqa ilovalarni AppStore va PlayMarketʼdan yuklab olish orqali.