Universitetga tayyorgarlik: Mutaxassislikni qanday tanlash kerakligi va imtihonlarga tayyorlanish haqida  - Rank.uz

Universitetga tayyorgarlik: Mutaxassislikni qanday tanlash kerakligi va imtihonlarga tayyorlanish haqida

Вчера 20:42

“Taʼlim — sivilizatsiya translyatsiyasi”, — degan edi tarixda qolgan mashhur shaxslardan biri. Darhaqiqat, munosib hayot kechirish, olamshumul kashfiyotlar boʻlishi uchun ilm-fan doim prioritetda boʻlishi, yosh avlod sifatli taʼlim olishi kerak. Quvonarlisi, najot faqat va faqat taʼlimda ekanini tushunib yetayotgan insonlar soni tobora ortmoqda. Buni universitetda oʻqishga talabgorlar soni yildan-yilga koʻpayayotganidan ham bilsa boʻladi. 

Davlat test markazi (DTM) maʼlumotlariga koʻra, 2021-2022-oʻquv yili uchun 892 242 nafar abituriyent test sinovlarida ishtirok etgan boʻlsa, 2022-2023 oʻquv yili uchun ushbu koʻrsatkich 1 million 73 ming 821 nafarni tashkil qilgan.


Oʻtgan yilgi maʼlumotga qaralsa, abituriyentlar (birinchi taʼlim yoʻnalishiga nisbatan) tomonidan eng koʻp tanlangan oliy taʼlim muassasalari roʻyxatida Oʻzbekiston milliy universitetini yetakchilik qilganini bilish mumkin. Toshkent davlat pedagogika universiteti bu borada ikkinchi oʻrinda boʻlsa, Namangan davlat universiteti roʻyxatda uchinchi boʻlgan. Qayd qilinishicha, keyingi oʻrinlarni Urganch davlat universiteti hamda Jizzax davlat pedagogika instituti egallagan.


May oyining oxiri, iyun oyining boshlari maktab/ kollej bitiruvchilari uchun juda ham masʼuliyat va hayajonli payt hisoblanadi. Oʻgʻil-qizlarning aksariyati allaqachon qaysi universitetga topshirishga qaror qilib ulgurganiga qaramay, oxirgi lahzalarga borib, fikri oʻzgarishi, hatto ayrimlar hali hanuz qaysi universitet, yoʻnalishni tanlashni bilmay turgan boʻlishi mumkin. Ammo buning vahimali tomoni yoʻq. Negaki, oʻsmir yoshidagi oʻquvchilarning mustaqil va katta hayot oldidan ikkilanishi, aniq qaror qabul qilishga qiynalishi oʻta normal. Shuni inobatga olgan holda, taʼlimga oid deyarli barcha maʼlumotlarni oʻzida mujassam qilgan Rank.uz imtihonlarga qanday tayyorlanish kerakligi, qaysi sohada oʻqishni bilmay, boshi qotib turgan yigit-qizlarga asqatadigan tavsiyalarni taqdim qiladi.

Boshqalarning tanlovi asosida qaror qabul qilmang

Oʻzbek oilalarida aksariyat holda: “Oʻgʻlim katta boʻlsa, oila kasbini davom ettirib, shifokor boʻladi” yoki “Oilali boʻlganda muammo boʻlmasligi uchun qizimni oʻqituvchi qilaman”, — deya oldindan farzandlarining kelajagi uchun qaror qilib qoʻyish holatlari koʻp uchraydi. Ota-ona farzandiga yomon boʻlishini xohlamasligiga shubha yoʻq, lekin kelajak, bir umrlik kasb haqida gap ketganda, inson oʻz hayoti bilan bogʻliq qarorni oʻzi qabul qilishi, bunda qiziqish va xohishlari inobatga olinishi kerak. Ota-ona, oilaning kutuvlarini amalga oshirish, bir umr pushaymon boʻlib yashashga sabab boʻlib qolmasligi lozim.

Shunday ekan, birinchi navbatda yigit-qizlar oʻzini ertaga qaysi sohada koʻrayotganini aniqlab olishi, turli omillarni taroziga solib, chindan ham shunga koʻzi yetadimi yoki yoʻqligini mulohaza qilib koʻrishi kerak. Ota-ona farzandining bolaligidan shu kungacha boʻlgan salohiyati, iqtidoridan kelib-chiqib uni toʻgʻri yoʻnaltirsa, maslahat bersa maqsadga muvofiq boʻladi.

Qiziqish, xohish asosida mantiqan tanlov qiling

Agar matematika, iqtisod singari fanlarga qiziqsangiz, ekologiya yoki psixologiyaga, ona-tili, xorijiy tillar yo tarixga qiziqsangiz dasturlash, dizaynerlik yoki shifokorlikka topshirib yurmang, tagʻin. Albatta, qaysi sohani tanlash xohishingizga havola, bunga eʼtiroz yoʻq. Shunchaki, qiziqish asosida mantiqiy tanlov qilish ertangiz, kasbiy faoliyatingiz uchun foydadan holi boʻlmasligini unutmasligingiz kerak. Bu nafaqat oʻz hayotingiz, balki jamiyatga ham taʼsir qiladi. Gap shundaki, rivojlanish uchun mamlakatning yaxshi mutaxassislarga ehtiyoji bor. Malakali, professional kadr boʻlish uchun esa sohani mukammal oʻrganishdan tashqari, uni yaxshilanishi uchun sidqidildan faoliyat yuritish, buning uchun inson kasbini yaxshi koʻrishi kerak. Hammasi zanjirdek bir-biriga aloqador, anglaganingizdek.  

Kelajagi bor sohalarga eʼtibor qarating

Qiziqishlar aniq bir sohaga boʻlmasa-chi, unda nima qilish kerak? Bunday vaziyatda jahon mehnat bozori, eng talabgir va kelajagi bor sohalarni oʻrganib, tahlil qilib koʻrish ayni muddao. Xulosa qilishdan avval reyting, statistik maʼlumotlarni qiyoslab koʻring. Kerak boʻlsa yoʻnalishlarning ertasi bilan bogʻliq gipotezalar, daromadlarining qanchalik stabil yoki yoʻqligi haqidagi tendensiyalarni ham koʻzdan qochirmang.

Imtihonlarga qanday tayyorlanish kerak?

Soha tayin boʻlsa, eng muhim va asosiy qadamlardan biri kirish imtihonlariga tayyorlanish hisoblanadi. Aslida maqsad aniq boʻlsa, oʻqishga tayyorgarlik qancha erta boshlansa, shuncha yaxshi. Agar baza mustahkam boʻlsa, oz muddatda ham samarali tayyorlanish imkoni bor. Faqat bunda zoʻriqish va bosim bilan oʻqishga toʻgʻri kelishi mumkin.

Bilimga suyaning

Imtihon natijasi ijobiy boʻlishi, universitet talabasi boʻlish uchun bir kafolat bor – bu faqat va faqat bilim. Topshirilayotgan yoʻnalish boʻyicha qanday fanlardan imtihon boʻlishini aniqlab, jiddiy tayyorlanish muvaffaqiyatga eltuvchi yoʻl hisoblanadi. Shu darajada tayyorlanish kerakki, oʻtolmasam-chi, degan shubhaga oʻrin qolmasin.

Vaqtingizni toʻgʻri taqsimlang

Tayyorgarlik jarayonida odatiy turmush tarzini biroz oʻzgartirish, odatdagidan koʻproq shugʻullanish foydadan holi emas. Lekin shu bilan birga oʻz vaqtida dam olish, ovqatlanish kerakligi, uyquning meʼyorda boʻlishiga ham eʼtibor qaratish kerak. Negaki, miya oʻta faol boʻlgani hisobiga koʻproq energiyaga ehtiyoj sezadi. Bunday vaqtda qilinadigan ish va mashgʻulotlarni muhim va muhim boʻlmaganga ajratib olish yaxshi samara beradi. Masalan, kompyuter oʻyinlari va televizor tomosha qilishni oʻqishga kirish uchun hech qanday hissasi yoʻq. Lekin toza havoda oʻttiz daqiqa sayr qilish yoki velosiped uchish qon aylanishini yaxshilashi, tetiklashtirishi bu esa imtihon tayyorgarligi uchun naqadar muhimligini anglash kerak.  

Psixologik tayyorgarlik

Imtihonga faqat fan nuqtayi nazaridan emas, psixologik jihatdan ham tayyorlanish muhim sanaladi. Chunki, bu katta hayotga qoʻyilayotgan ilk qadamlardan biri. Shunday ekan hayotingiz oldidagi masʼuliyatni his qilib, qoʻlingizdan kelgancha yaxshilab tayyorlanishdan tashqari, har bir inson xato qilishi mumkinligi, baʼzida turli omillar hisobiga natijalar kutganimizdek boʻlmasligi mumkinligini ham yodda tuting.

Faqat oʻqib, oʻrganish bilan cheklanmang

Oʻrganayotgan soha, unga doir muhit yaratishga harakat qiling. Masalan, yoʻnalishingiz boʻlsa, xonangiz devorlariga yodlagan yangi soʻzlaringiz, jumlalarni yozib, yopishtirib qoʻying. Transportdaligingiz yoki boʻsh vaqtingizda oʻsha tildagi musiqalarni tinglashga harakat qiling. Dam olish kunlari film tomosha qiling. Bu har tomonlama foyda berishi aniq.

Yana bir muhim tavsiya

Pedagog boʻlmoqchimisiz yoki tibbiyot xodimi farqi yoʻq, yaxshilab kuzatib, tahlil qilib koʻring. Masalan, oʻqituvchingiz dars oʻtishda asosan nimalarga eʼtibor beradi? Mavzuni qanday tushuntiradi va toʻsatdan paydo boʻlgan muammoli vaziyatlarda qanday yechim topadi? Shuningdek, sohangizga qarab yaqin poliklinika, bank va istalgan maskanga borib kuzatsangiz boʻladi. Bu qiziqishlar va real vaziyatning qanchalik bir-biriga muvofiqligini taroziga solish, tasavvur paydo qilishga yordam berishi mumkin. Gap shundaki, asosiy vazifalardan tashqari, siz xayolingizga ham keltirmagan kasbning nozik tomonlari, ayrim nyuanslar boʻlishi, bu haqida esa siz bexabar boʻlishingiz mumkin. Agar shularni bilgandan keyin ham fikringiz oʻzgarmasa, demak sizning soha tanlash borasidagi fikringiz qatʼiy boʻladi.