Toshkentdagi o'quv markazlari - Rank.uz

Toshkentdagi o'quv markazlari

Вчера 20:42

Hozir dunyo miqyosida talab eng yuqori boʻlgan kasblar qaysiligi haqida maʼlumotga egamisiz? Buning javobini ManpowerGroup kompaniyasi tomonidan 2022-yilda oʻtkazilgan tadqiqotdan bilish mumkin. The Employment Outlook Survey (Bandlik istiqbollari tadqiqoti)ning natijalariga koʻra, IT-Data, savdo va marketing, operatsiya-logistika, tovar hamda xizmatlar ishlab chiqarish, shuningdek, mijozlar bilan ishlash va front-ofis sohasi mutaxassislariga talab yuksak. Mehnat bozorida yetakchi boʻlgan kasb egalari esa boshqa soha vakillariga nisbatan koʻproq daromad koʻrishi hech kimga sir emas.

Bugungi globallashuv davrida esa tamoman boshqa yoʻnalish boʻyicha oʻqigan, ishlayotgan taqdiringizda ham yuqoridagi, xususan, serdaromad sohalarni oʻrganishingiz, ustingizda ishlab muvaffaqiyatga erishishingiz mumkin. Faqat buning uchun hozir, ayni vaqtda ishga kirishish kerak. Ha, toʻgʻri oʻqidingiz, harakatni boshlash kerak, boshlaganda ham zudlik bilan. Yaʼni Stiv Jobs, Elon Mask-u, Mark Sukerberg va Pavel Durov singari kishilarning hayot yoʻli va biografiyasini oʻqib, xayol va orzularning oʻzi bilan cheklanmasdan dunyo mehnat bozorini oʻrganish, talab yuqori, shu bilan birga, siz uchun chindan ham qiziqarli sohani oʻrganishga kirishish kerak. Bugungi kunda faoliyat yuritadigan va turli sohalarga ixtisoslashgan oʻquv markazlariga murojaat qilish esa bu borada eng yaxshi yechim boʻla oladi. Ishni turli sohada bilim beradigan taʼlim maskanlari, oʻquv markazlari haqida muntazam xabardor qilib boradigan Rank.uz saytidagi maʼlumotlarni oʻrganishdan boshlashingiz mumkin. Yana-da oson va qulay boʻlishi uchun esa quyida Toshkent shahridagi turli fan va kasb boʻyicha bilim beradigan oʻquv markazlari haqida maʼlumot taqdim qilamiz.


SOS IT Academy


Roʻyxatni yuqorida dunyodagi eng talabgir sohalardan biri ekanligi taʼkidlangan dasturlash va ITʼga doir yoʻnalishlarni oʻrgatuvchi oʻquv markazlari haqida maʼlumot berishdan boshlaymiz.

Dasturlash, kompyuter va grafik dizayn, SMMʼdan tashqari, marketing qolaversa buxgalterlik sohasini oʻrganishni istovchilar uchun SOS IT Academy ayni muddao sanaladi. Oʻquv markazidagi darslar yetarlicha tajriba va amaliyotga ega mutaxassislar tomonidan, barcha texnik jihozlar bilan taʼminlangan holda oʻtiladi. Eʼtiborga molik jihati, muayyan kurs yakuniga yetgach, uni tamomlaganingiz haqidagi sertifikat taqdim qilinadi, Shuningdek, agar lozim topilsa, keyingi mehnat faoliyati uchun bitiruvchilar stajirovkaga ham yuborilishi mumkin.


qubit IT Academy


Dasturlash sohasida yetakchi boʻlishni, axborot texnologiyalari sohasidagi tendensiyalar, ilgʻor texnologiyalarni oʻrganishni istovchilar uchun qubit IT Academy ham eng yaxshi variantlardan hisoblanadi. Unda IT olamda faoliyatni boshlamoqchi boʻlganlar qulaylik va afzalliklarga ega muassasada, undagi eng oldi texnologiyalardan foydalangan holda bilimlarini, tajribasini mustahkamlab borishi mumkin sanaladi. ITʼning kelajak kasbi ekaniga ishonchi komil boʻlgan mutaxassislar, Android & IOS, Frontend, shuningdek, Python singari dasturlash kurslari, bundan tashqari, internet marketingga doir sir-asrorlar bilan boʻlishadi.


Alpha Education


Ilk bor 2016-yilda marketing boʻyicha kurs bilan ish boshlagan Alpha Education 6 yillik faoliyati davomida oʻn xildagi yoʻnalishni oʻz ichiga olgan 50 ta kursni taqdim qilishga erishgan. Unda 150 dan ortiq oʻzbekistonlik, shuningdek, MDH mamlakatlaridagi koʻzga koʻringan mutaxassislar, rivojlanishga intiluvchilar uchun tajriba va bilimlari bilan boʻlishadi. Bugungi kunga qadar 13 mingdan ortiq oʻquvchiga taʼlim bergan markazda marketing, menejmentdan tashqari, moliya, biznes va hozirda ayniqsa dolzarb hisoblangan HR kurslari mavjud.


Fin Expert


Buxgalterlarning malakasini oshiruvchi, shu sohadagi kadrlarni tayyorlovchi va qoʻshimcha yoʻnalishga ixtisoslashgan Fin Expert hamyonbop narxda sifatli taʼlim beruvchi oʻquv markaz hisoblanadi. Xalqaro sertifikatga ega, yuqori malakali oʻqituvchilar taʼlim beradigan ushbu markaz bitiruvchilarni ishga joylashda yordam beradi. Unda professional va boshlangʻich buxgalteriyadan tashqari, buxgalterlarni MSFOga qayta tayyorlash, ACCA imtihonlariga tayyorlash va boshqa professional kurslar ham mavjud.


Mentalist


Mentalist poytaxtdagi buxgalter, moliyachi hamda auditorlarni kasbiy va qayta tayyorlashni tashkil etuvchi ilgʻor oʻquv-uslubiy muassasa sifatida eʼtirof etilgan oʻquv markazi hisoblanadi. Unga nafaqat sohaga endi qadam qoʻyayotganlar, balki malakasini oshirmoqchi, zamonaviy tendensiyalarni oʻrganmoqchi boʻlgan tadbirkor va ishbilarmonlar ham murojaat qilishi mumkin. Yetarlicha tajribaga ega oʻqituvchilar dars beradigan ushbu markazda istasagingizga binoan kunduzgi, kechki yoki dam olish kunlari, yaʼni dars uchun qulay vaqtni tanlashingiz mumkin. Nazariya va amaliyot birgalikda olib boriladigan markaz doimiy talabalari uchun chegirma taqdim qiladi. Soliq yoki buxgalteriya hisobi singari kurslarni muvaffaqiyatli tugatgan, professional koʻnikmalarga ega boʻlgan oʻquvchilarga ishga joylash borasida yordam berilishi mumkin.


Hong Kong Academy


Hong Kong Academy nafaqat ingliz, balki boshqa tillarni oʻrganishni istovchilar uchun eng yaxshi markazlardan biri sanaladi. Ushbu markazda koreys, rus, turk, yapon, shuningdek, xitoy va arab, italyan, ispan, nemis, fransuz tillarida taʼlim beriladi. Darslar xohishga qarab individual yoki guruhda, qolaversa korporativ tarzda oʻtilishi ham mumkin.


Lords Academy


Lords Academy xorijlik mutaxassislarni oʻzida jamlagani bilan aksari oʻquv markazlaridan ajralib turadi. Unda siz ingliz tilini noldan boshlab mukammal oʻrganishingiz, xalqaro imtihonlarga tayyorlanishingiz mumkin. Ijobiy natija va muvaffaqiyatga erishishda malakali, koʻp yillik tajribaga ega mutaxassislar koʻmaklashadi. Oʻquv markazida guruh va individualdan tashqari, korporativ darslarga ham yozilish imkoni mavjud. Dars jarayoni doimiy ravishda monitoring qilinishi, muntazam ravishda treninglar oʻtkazilishi esa yana bir afzalligi sanaladi.


City education


Taʼlimga sarflaganingiz bejiz ketmasligini taʼkidlaydigan City education ingliz tilini oʻrgana olmasangiz pulingizni qaytarib beradi. Oʻquv markazining saytida shunday yozib qoʻyilgan, harholda. Bugungi kunga qadar 315 nafar oʻquvchining ingliz tilini oʻrganishi, ulardan 115 nafarining IELTS yoki CEFR sertifikatini olishiga sababchi boʻlgan markazda 25 dan ortiq tajribali oʻqituvchi faoliyat yuritadi. Darslarni korporativ, guruh yoki individualini tanlash esa xohishingizga bogʻliq boʻladi.


Sensus


Bir vaqtni oʻzida ham xorijiy tillar, ham matematika kurslariga qatnashi kerak boʻlganlar uchun Sensus oʻquv markazi maqbul tanlov boʻlishi aniq. Bu o‘qishga tayyorlanayotganlar uchun ham har tomonlama qulay bo‘ladi. 2014-yilda tashkil qilingan ushbu oʻquv markazida ingliz, fransuz, nemis va xitoy, shuningdek, italyan va ispan tili, xususan, matematika, mental arifmetika va fizika kurslari ham mavjud. Sensus “Karyera va taʼlim” koʻrgazmasi natijalariga koʻra, besh yil ichida ikki marotaba eng yaxshi oʻquv markazi sifatida eʼtirof etilgan.