Toshkentdagi barcha xususiy bolalar bog'chalari - Rank.uz

Toshkentdagi barcha xususiy bolalar bog'chalari

Вчера 20:42

Qonun ustuvor, muhim sohalari ham yetarlicha rivojlangan mamlakatda yashash uchun nima muhimligini bilasizmi? Nelson Mandela dunyoni oʻzgartirish uchun foydalanish mumkin boʻlgan eng kuchli qurol, deb atagani nimaligini-chi? Har ikki savolning javobi ham bitta — taʼlim. Siz olgan va farzandlaringizga beradigan taʼlim. Gap shundaki, bu jarayon bir umrlik. Siz necha yoshda boʻlishingizdan qatʼiy nazar, oʻqib-izlanishdan toʻxtamasligingiz kerak boʻlsa, bolalar dunyoga kelishi bilanoq u bilan shugʻullanishni boshlash kerak. Bola kelajakda oʻz prinsiplariga ega, mustaqil va turli vaziyatlarda oʻzini tutishni biladigan boʻlib voyaga yetishi uchun unga shaxs sifatida qarashdan tashqari, rivojlanishiga alohida eʼtibor qaratish darkor. Shugʻullanish qancha erta boshlansa, shuncha yaxshi ekanini esa mashhur yapon yozuvchisi Masaru Ibukaning “Uchdan keyin kech” nomli asaridan ham bilish mumkin.

Ota-onaning shugʻullanishi, tushuntirishi, eshitishi-yu oʻrgatishi muhokama qilinmaydigan asosiy masalalar. Lekin shu oʻrinda yana bir muhim jihat borki, unga yuzaki yondashmaslik, eʼtibor bilan tanlov qilish kerak. Bu bola kun davomida asosiy vaqtini oʻtkazadigan taʼlim muassasasini tanlashdir. Taʼlimga oid universitet, oʻquv markazlari va muassasalar haqida deyarli barcha maʼlumotni topish mumkin boʻlgan Rank.uz taʼkidlangan masalaning naqadar jiddiy ekanini yaxshi anglagan holda Toshkent shahridagi xususiy bogʻchalar haqidagi maʼlumotni eʼtiboringizga havola qiladi. Qolaversa, saytning o‘zida to‘liqroq ro‘yxat bilan tanishishingiz mumkin.

Kids univer

Roʻyxatni poytaxtning eng sokin tumanlaridan birida joylashgan Kids univerʼdan boshlaymiz. Ushbu muassasa adaptatsiya, bolalarning tezroq koʻnikishi va oʻrganib ketishiga eʼtibor qaratishi bilan ham oʻziga xosdir. Negaki, kichkintoylarning bogʻchada oʻzini yaxshi his qilishi, begonasiramasligida aynan adaptatsiya muhim, shunday emasmi? Shuningdek, mazkur bogʻchada sifatli taʼlim, individual yondashish orqali bolalarni rivojlantirish va maktabga tayyorlashga ham alohida urgʻu beriladi.

Yana bir eng muhim jihatlaridan biri shundaki, bogʻchaning oʻz oshxonasi mavjud boʻlib, u yerda ekologik-toza mahsulotlardan ham mazali, ham foydali taomlar tayyorlanadi. Bundan tashqari, menyudan barra meva va sabzavotlar hamisha oʻrin olishiga shubha qilmasangiz ham boʻlaveradi.

Darvoqe, bogʻcha yana havas qilgudek oʻyin maydonchasiga ega boʻlib, u yerda farzandingiz bolalik gashtini surib, miriqib oʻynashi mumkin. Ish vaqti dushanba-juma kunlari, 08:00 dan 18:00 gacha boʻlgan vaqtni oʻz ichiga oladi.

Asia kids

Asia kids bolalar bogʻchasi 1,5-7 yoshli bolalar uchun moʻljallangan. U yerda bolajonlarni maktabga tayyorlash, nutqini rivojlantirishdan tashqari, rasm chizish, badiiy adabiyot, matematika, mantiq, xususan, ingliz tili, musiqa va xoreografiyani oʻrganishi mumkin. Jumladan, logoped, psixolog, gimnastika, massaj va fitobardan foydalanish imkoniyati ham mavjud. Dushanbadan juma kunigacha, ertalab 08:00 dan 18:00 gacha faoliyat yuritadigan mazkur muassasada bolajonlar 5 mahal taomlanishi mumkin. Qabul qilinishidan avval, bola bogʻchada sinov tarzida, bepul “probniy” kun oʻtkazishi mumkinligi ota-onalar uchun qulaylik yaratadi. Bogʻcha hududida hovuzning mavjudligi esa jaziramada choʻmilishni xush koʻradigan mittivoylar uchun ayni muddao.

Olympic star

1,5 yoshgacha boʻlgan oʻgʻil-qizlar taʼlim olishi mumkin boʻlgan mazkur maktabgacha taʼlim muassasasida umumiy fanlarga qoʻshimcha ravishda suzish, musiqa, ingliz tili, tasviriy sanʼat va logoped bilan shugʻullanish imkoniyati mavjud. Bolajonlar besh mahal ovqatlanadigan mazkur bogʻchaning eshiklari dushanbadan jumagacha soat 08:00 dan 18:00 gacha ochiq boʻladi.

Aist

Bolajonlarni uch yoshdan qabul qiladigan mazkur bolalar bogʻchasidagi kichik guruhlarda musiqa, jismoniy-tarbiya va matematika bilan shugʻullaniladi. Katta guruhlarda esa logoped-defektologlar nutq madaniyatini yaxshilanishiga hissa qoʻshadi. Bu hali hammasi emas, matematika va mantiq, tasviriy sanʼat bilan shugʻullanishdan tashqari, ingliz va oʻzbek tillari darslari, musiqa mashgʻuloti, bolalar uchun futbol, qizlar uchun esa gimnastikadan saboq beriladi. Besh mahal ovqat bilan taʼminlanadigan muassasa dushanbadan jumagacha, soat 08:00 dan boshlab 18:00 gacha faoliyat yuritadi.

Alpha kids

Bolajonlar 1,5 yoshdan boshlab qabul qiladigan Alpha kids bogʻchasida taʼlim “Ilk qadam” davlat dasturi hamda Montessori metodikasi asosida oʻtiladi. Bolalarga, ulardagi individual oʻziga xosliklar hisobga olingan holda 5 mahal taom beriladi. Onlayn kuzatib turish imkoniyati mavjudligi esa ushbu muassasaning afzalliklaridan biri sanaladi. Asosiydan tashqari, logoped, psixolog, massaj, ingliz tili, taekvondo va gimnastika singari qoʻshimcha mashgʻulotlardan foydalanish imkoniyati ham mavjud. Bogʻcha dushanbadan jumagacha, soat 08:00 dan 18:00 ga qadar faoliyat yuritadi.

Cambridge international school

Xorijlik pedagoglar faoliyat yuritadigan Cambridge international school farzandi bolaligidanoq ingliz tilida muloqot qilishini istagan ota-onalar uchun yaxshi variant. 2 yoshdan 6 yoshgacha boʻlgan yigit-qizlarni oʻz ichiga oladigan mazkur muassasada taʼlim berish uchun British National Curriculum dasturidan foydalaniladi. Besh mahal ovqat taqdim qilinadi. Tasviriy sanʼat, oʻqish, raqs, musiqa, gimnastika, futbol va tennis, qolaversa, boshqa individual mashgʻulotlar bilan ham shugʻullanish imkoniyati mavjud. Cambridge international school dushanbadan jumagacha, soat 09:00 dan 17:00ga qadar ishlaydi.

Disney academy

Disney academy muassasasi esa 1,5 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun moʻljallangan. Unda kichkintoylar tajribali mutaxassislar tomonidan maktabga tayyorlanadi. Mashgʻulotlar rus va ingliz tillarida olib boriladi. Besh mahal taomlanish mumkin boʻlgan bogʻcha hududida basseyn borligi esa bolalar uchun ayni muddao sanaladi.

Qoʻshimcha ravishda gimnastika, arab tili mashgʻulotlaridan tashqari bolajonlar yoshiga xos ravishda ilm-fan, pazandalik bilan tanishishi ham mumkin. Bogʻcha dushanbadan jumaga qadar 08:00 dan 18:00 gacha, shanba kuni boʻlsa 08:00 dan 17:00 gacha faoliyat yuritadi.

Profi school

Bolalarni 1,5 yoshdan boshlab qabul qiladigan Profi schoolʼda shaxmat, mental arifmetika, karate va xoreografiya oʻrgatiladi. Massaj va logoped mavjud muassasada farzandingizga 5 mahal taom taqdim qilinadi.

Profi schoolʼning ish vaqti yakshanbadan tashqari haftaning olti kuni, yaʼni dushanbadan jumaga qadar 8:00 dan 18:00 gacha boʻlgan vaqtni tashkil qiladi.

Sehriyo kids

2 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun moʻljallangan Sehriyo kidsʼda ham “Ilk qadam” davlat dasturidan foydalaniladi. Qolaversa, raqs, gimnastika, shaxmat, ingliz tili mashgʻulotlaridan tashqari, logoped, psixolog, shuningdek, robototexnika va Montessori boʻyicha mashgʻulotlar bilan ham shugʻullaniladi. Toʻrt mahal taom taqdim qilinadigan mazkur bolalar bogʻchasi bolalarni dushanba-juma kunlari soat 08:00 dan 18:00gacha kutib olishga shay.